
SPORTS.uz`da jahon chempionati kundaligi (2-son)
Qatardagi jahon chempionatida jamoalar bahslarga kirishmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etishda davom etadi.
22 noyabr kungi dastlabki bellashuvda kutilmagan natija qayd etildi. Messi boshchiligidagi Argentina hisobni ochgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistonidan mag‘lubiyatga uchradi.
Daniya va Tunis murosa ko‘chasini tanladi. Levandovski esa penaltidan gol ura olmadi. Natijada bu bellashuv ham durang bilan yakunlandi. Frantsiya termasi muxlislarini biroz havotirga qo‘ydi. Lekin keyin barchasi joyiga tushib, Mbappe etakchiligidagi jamoa kengrular haltasiga 4 ta to‘pni joylab qo‘ydi.
Quyida mana shu o‘yinlar haqida fikr yuritamiz.
Argentina - Saudiya Arabistoni
Qatar mamlakatida o‘tayotgan jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan bahslar davom ettirildi. Ulardan birida Argentina nominal mezbon sifatida Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashdi. Ushbu bellashuvda osiyoliklar sensatsiya ko‘rsatib, 2:1 hisobida zafar quchdi.
Bu g‘alaba sabab saudiyaliklar Osiyoda 3 ochkoni qo‘lga kiritgan mundialdagi ilk terma bo‘ldi. Oldinroq Qatar va Eron termalari dastlabki tur o‘yinida mag‘lubiyatga uchragandi.
To‘qnashuvdagi dastlabki gol 10-daqiqada Lionel Messi tomonidan kiritildi. U penaltidan unumli foydalandi hamda jahon chempionatlaridagi gollari sonini 7 taga etkazib oldi. Bu orqali Leo azaliy raqibi Krishtianu Ronalduga tenglashib oldi. Endilikda ikki futbolchi hisobida ham mundiallarda bir xil 7 tadan gol mavjud. Ronaldu bu gollarni 17 o‘yinda kiritgan bo‘lsa, Messiga 20 o‘yin etarli bo‘ldi.
Afsuski, argentinaliklar uchun bu gol kamlik qildi. 48-daqiqada al-Shehri markazdan etkazib berilgan to‘pni aldamchi harakatlaridan so‘ng raqib darvozasi tomon yo‘lladi va bellashuvda muvozanatni tikladi - 1:1. Bu goldan keyin Janubiy Amerika vakillari ozgina o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishdi. Oradan 4 daqiqa vaqt o‘tar-o‘tmas endi al-Dovsari o‘zini ko‘rsatdi. U "kumushrang o‘lka" vakillari jarima maydoni ichida himoyachilarni birin-ketin aldab, darvoza tomon kuchli zarba berdi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi 1:2.
Qizig‘i, Messi jamoadoshlarining 3 ta goli ofsayd sabab inobatga olinmadi. Aks holda, Leo bir marta, Lautaro esa 2 marta saudiyaliklar posbonini ranjitishga muvaffaq bo‘lgandi.
Shuningdek, Argentina mundialda 1974 yildan keyin ilk bora dastlabki turda 2 gol o‘tkazib yubordi. Shu paytgacha janubiy amerikaliklar bunday yomon natija qayd etmayotgandi. Qolaversa, Skaloni shogirdlarining 36 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga ham chek qo‘yildi. Terma yana bitta o‘yinda yutqazmaganda, Italiyaning 37 bellashuvdan iborat seriyasini takrorlagan bo‘lardi.
Shu tariqa, "sahro lochinlari" mundial guruh bosqichida ochkolari sonini 3 taga etkazib oldi. "Kumushrang o‘lka" futbolchilari esa dastlabki turda alamli mag‘lubiyatga uchradi.
Manbalarda yozilishicha, g‘alaba uchun Saudiyaning har bir futbolchi 2,5 mln evrodan bonus oladi. Bu pullarga nechta malibu berishini o‘zingiz hisoblab oling. Balki, aniqlab ham olgardirsiz.
Daniya - Tunis
Jahon chempionatining navbatdagi bahsi Daniya hamda Tunis terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Evropa va Afrika termalarining o‘zaro to‘qnashuvida hisob ochilmadi - 0:0.
Mazkur o‘yin bu yilgi mundial tarixida ilk nursiz durang qayd etilgan uchrashuv bo‘ldi. Bungacha barcha bellashuvlarda bittadan ko‘p gol kiritildi.
Daniya va Tunis jamoalari umumiy hisobda 23 ta zarba berdi. Ulardan 5 tasi darvoza tomon aniq bordi. 4 tasi daniyaliklar va atigi bittasi tunisliklar foydasiga.
Antiqa faktlardan biri sifatida bahsning 100 daqiqadan kam davom etganini ham keltirish mumkin.
E’tiborlisi, Daniya o‘tgan safargi Jahon chempionatida ham ilk 0:0 hisobini qayd etgan. O‘shanda "daniyalik dinamitlar" bo‘lajak chempionlar Frantsiya bilan durangga imzo chekkan.
Ikki jamoa ham ushbu uchrashuvda gol urish uchun yaxshigina ter to‘kdi. Ammo bellashuv nursiz durang bilan yakun topdi.
Shu tariqa, jamoalar mundial ilk turida 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Meksika - Polsha
Jahon chempionatining "S" guruhi doirasidagi Meksika va Polsha jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda nursiz durang qayd etildi.
Polshaliklar hujumchisi Robert Levandovski penaltidan foydalana olmadi. Meksika terma jamoasi darvozaboni Ochoa u tepgan to‘pni qaytarishga erishdi. Gilermo Ochoa o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
4 yil deyarli ko‘zga ko‘rinmaydigan darvozabon jahon chempionatida o‘zini ko‘rsata oladi. Bor kuchini mundiallarga olib qo‘yadi. 37 yoshli posbon o‘zi uchun 5-mundialda ishtirok etmoqda.
Polsha jahon chempionatlarida ketma-ket 3 ta penaltidan gol ura olmagan birinchi jamoa bo‘ldi.
Frantsiya - Avstraliya
1-tur doirasidagi Frantsiya - Avstraliya uchrashuvida "uch ranglilar" qiyinchiliksiz 3 ochkoni rasmiylashtirishdi - 4:1.
O‘yindagi hisob "kengrular" tomonidan ochildi. 9-daqiqada Kreyg Gudvin gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo 27-daqiqada Adrien Rabo to‘p kiritib, muvozanatni tikladi. Biroz vaqt o‘tib, aniqrog‘i 32-daqiqada Olive Jiru jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi taym ham Frantsiyaning ustunligi ostida boshlandi. Ushbu ustunlik 68-daqiqaga kelib hisobda ham o‘z aksini topdi. Kilian Mbappe bosh bilan to‘p kiritib, jamoasining musobaqadagi uchinchi golini urdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, Jiru dublni rasmiylashtirdi. Frantsiya 1-turda o‘z hisobiga qiyinchiliksiz 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi.
Jiru jahon chempionatlari tarixida dubl qayd etgan yoshi eng katta ikkinchi futbolchiga aylandi – 36 yosh-u, 53 kunlik. Bu borada rekord esa JCh-1990 1/8 finalida qayd etilgan. Kolumbiya bilan o‘yinda kamerunlik Roje Milla o‘shanda – 38 yosh-u, 34 kunlik.
Shuningdek, Jiru hamyurti Terri Anriga etib oldi. Ular hisobida 51 tadan gol mavjud.
Frantsiyaliklar 2006 yildan beri amaldagi chempion sifatida mundialdagi birinchi o‘yinida g‘alaba qozongan Braziliyadan (2002 yilgi chemp.) keyingi ilk jamoaga aylandi.
Shuningdek, 2010 yildan beri amaldagi chempionlar guruh bosqichidan chiqa olmayapti.
Fikrlar